Oliy Majlis Senatining Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Kobul Tursunov IMEI bilan bog‘liq muammolar yuzasidan Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatovga senator so‘rovi yubordi. Bu haqda parlament yuqori palatasi matbuot xizmati xabar bermoqda.

2019-yildan boshlab mobil qurilmalarni IMEI-kod orqali ro‘yxatdan o‘tkazish amaliyoti joriy etildi, 2024-yildan boshlab esa ularni O‘zbekistonga olib kirishda majburiy deklaratsiyani to‘ldirish talab etiladi. Agar deklaratsiya to‘ldirilmagan bo‘lsa, UZIMEI tizimida qurilmani ro‘yxatdan o‘tkazish uchun bojxona qiymatining 30 foizi miqdorida to‘lov talab etiladi.

So‘nggi paytlarda muammolar ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Xususan, uzimei.uz, my.gov.uz saytlari va BIRDA ilovasi orqali ro‘yxatdan o‘tish imkoniyati cheklangani sababli ayrim hollarda xizmatlar narxi sun’iy ravishda oshirib ko‘rsatilmoqda.

Bundan tashqari, ikkinchi SIM-karta uchun IMEI2-kodni alohida ro‘yxatdan o‘tkazish talabi, shuningdek, ushbu jarayonni faqat qurilmaning dastlabki ro‘yxatdan o‘tkazilgan joyida amalga oshirish zarurati fuqarolar uchun qo‘shimcha qiyinchiliklar va ortiqcha moliyaviy xarajatlarni keltirib chiqaradi.

Shu munosabat bilan vazirdan 10 kun muddatda uzimei.uz, my.gov.uz platformalari va BIRDA mobil ilovasidagi texnik muammolarni bartaraf etish, shuningdek, IMEI2-kodni ro‘yxatdan o‘tkazish va UZIMEI tizimidagi byurokratik talablarni yumshatish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar yuzasidan asoslantirilgan tushuntirish berish so‘raladi.