Xonanda Botir Qodirov mualliflik huquqini buzganlikda aybdor deb topildi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.
Da’vo arizasini shoir Shamsiddin To‘rayev kiritgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Qodirov uning she’rlaridan “Davlating borida”, “Omonat” va “Tingla do‘stim” nomli uchta qo‘shiqda ruxsatsiz foydalangan.
Yakunda sud xonandani shoirga mualliflik huquqini buzganligi uchun 112,5 million so‘m, shuningdek, 20 million so‘m ma’naviy zararni qoplash majburiyatini yukladi.
Bundan tashqari, xonandaga ijtimoiy tarmoqlar, televideniye, radio va konsertlarda To‘raev she’rlari asosida qo‘shiq kuylash va tarqatish taqiqlandi.