O‘zbekiston ilk bor BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti kengashiga 2028−2029-yillarga saylandi. Bu haqda TIV xabar bermoqda.
Kengash a’zolari saylovi 4-iyul kuni tashkilotning Rimdagi bosh qarorgohida bo‘lib o‘tdi. Unga geografik taqsimlanishni hisobga olgan holda uch yilgacha muddatga saylanadigan 49 ta a’zo davlat kiradi. Kengash o‘z vakolatlari doirasida byudjet, FAO dasturlarini muhokama qiladi va tashkilot konferensiyasining muhim qarorlari va tavsiyalarini qabul qiladi.
“FAO kengashiga a’zolik O‘zbekiston uchun global agrar va oziq-ovqat siyosatini shakllantirish, normativ-huquqiy hujjatlar va standartlarni ishlab chiqish, milliy va mintaqaviy tashabbuslarni taqdim etish, shuningdek, loyihalarni ilgari surish va qo‘shimcha moliyaviy resurslarni jalb qilishda keng imkoniyatlar ochadi”, — deyiladi xabarda.
FAO — BMTning ocharchilikka qarshi kurash bo‘yicha xalqaro sa’y-harakatlarni muvofiqlashtiruvchi ixtisoslashgan muassasasi. Tashkilotga 195 a’zo, shu jumladan 194 mamlakat va Yevropa Ittifoqi a’zo bo‘lib, 130 dan ortiq mamlakatda faoliyat yuritadi.