BMT Inson huquqlari kengashining O‘zboshimchalik bilan hibsga olishlar bo‘yicha ishchi guruhi Gulnora Karimova ishi bo‘yicha rasmiy xulosani e’lon qildi. Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy markazi guruh xulosasiga munosabat bildirdi.

Mutaxassislarning fikricha, Gulnora Karimovaning ozodlikdan mahrum etilishi o‘zboshimchalik va xalqaro huquq normalariga ziddir. Ushbu xulosa uning ishiga asoslangan bo‘lib, u o‘zboshimchalikning uchta toifasi nuqtai nazaridan ko‘rib chiqilgan: hibsga olish uchun qonuniy asoslarning yo‘qligi, adolatli sud jarayoniga bo‘lgan huquqning qo‘pol ravishda buzilishi, shuningdek, siyosiy sabablarga ko‘ra hibsga olish, bu haqda dalillar yetarli emas.

BMT xodimlari Gulnora Karimovaning ozodlikdan mahrum etilishi Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 3, 8, 9 va 11-moddalari hamda Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktning 2, 9 va 14-moddalarini buzadi, degan xulosaga keldi.

O‘zbekiston hukumati rasmiy bayonot bilan chiqib, Ishchi guruhning fikri manba tomon taqdim etgan bir tomonlama subyektiv ma’lumotlar asosida shakllantirilganidan xavotir bildirdi.

“Hukumat Ishchi guruhning fikri manba tomonidan taqdim etilgan bir tomonlama subyektiv ma’lumotlar asosida shakllantirilgani, O‘zbekiston hukumatining bu borada rasmiy javobi taqdim etilgani, ammo u rasmiy protsessual muddatlar tufayli e’tiborga olinmaganidan tashvish bildiradi,” — deyiladi xabarda.

Bayonotda ta’kidlanishicha, Gulnora Karimovaga nisbatan barcha jinoyat ishlari jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligi normalariga qat’iy rioya qilgan holda, shuningdek, mamlakatning xalqaro majburiyatlarini, jumladan, Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt qoidalarini hisobga olgan holda qo‘zg‘atilgan va ko‘rib chiqilgan. Himoyalanish va odil sudlov huquqi jinoyat protsessining barcha bosqichlarida ta’minlandi.

“Gulnora Karimova mustaqil ravishda tanlangan yoki belgilangan tartibda tayinlangan himoyachilarga murojaat qilish huquqiga ega bo‘lgan. Jinoyat ishiga oid materiallar bilan tanishish, qarorlar ustidan shikoyat qilish hamda himoyachi bilan muloqotning maxfiyligi tamoyiliga rioya qilingan”, — deyiladi markaz bayonotida.

Qayd etilishicha, Karimova ishi bo‘yicha sud qarorlari soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash, jinoiy daromadlarni legallashtirish, davlat mulkini noqonuniy o‘zlashtirish, firibgarlik va davlatga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgan boshqa og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etilganligini tasdiqlovchi yetarli dalillar asosida vakolatli sudlar tomonidan chiqarilgan.

“Gulnora Karimovaning 2014-yilda go‘yoki o‘zboshimchalik bilan hibsga olingani, uzoq muddat uy qamog‘ida saqlangani, “oshxonadagi sud” va boshqa shu kabi da’volar asossizdir. Barcha protsessual harakatlar va sud muhokamalari protsessual qonunchilik normalari va talablariga to‘liq muvofiq holda o‘tkazilgan. Hozirgi vaqtda mahkuma sud qarorlari ustidan qonunda belgilangan tartibda shikoyat qilish huquqiga ega”, — deyiladi xabarda.

O‘zbekiston hukumati mazkur ish bo‘yicha siyosiy sabablar mavjudligi to‘g‘risidagi da’volarni qat’iyan rad etdi.

“O‘zbekiston inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini vijdonan bajarib kelmoqda va BMT mexanizmlari, jumladan maxsus tartib-taomillari bilan konstruktiv muloqotni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini tasdiqlaydi. Hukumat xalqaro tuzilmalarda o‘z obro‘sini himoya qilish, shuningdek, ishonchli axborotni manfaatdor tomonlarning keng doirasiga tushuntirish bo‘yicha keyingi qadamlarni qo‘yish huquqini o‘zida saqlab qoladi”, — deyiladi bayonotda.