O‘zbekistonda o‘rta va uzoq masofalarga qatnovchi jamoat transporti uchun yangi tizim joriy etiladi. Bu haqda prezident sohani rivojlantirish bo‘yicha yig‘ilishda ma’lum qildi.
Davlat rahbari shaharlararo qatnaydigan avtobuslar jadval bo‘yicha emas, balki to‘ldirilgandan keyingina yo‘lga chiqadigan mavjud model samarasizligini aytdi. Hozirda tashuvchilarning xarajatlarini qoplash faqat shaharlar yaqinidagi yo‘nalishlar uchun ko‘zda tutilgan. Endi hududlarni bog‘lovchi transportlar uchun alohida qo‘llab-quvvatlash choralari ishlab chiqiladi.
Toshkent aglomeratsiyalariga alohida e’tibor qaratiladi. Har kuni poytaxtga bir milliongacha odam keladi, ulardan 275 ming nafari Toshkent viloyatidan. Bu borada 20 ta yo‘nalish halqa yo‘ligacha yana 15-20 kilometrga uzaytiriladi, 6 ta yangi yo‘nalish paydo bo‘ladi. Sentyabrgacha poytaxt avtoparki 200 ta, kelgusi yilda yana 1000 ta avtobus bilan to‘ldiriladi.
Yangi tizim 1 sentyabrdan Toshkent shahri va viloyatlarda ishga tushadi. Boshqa yirik shaharlarda — 2026-yil 1-yanvardan.