O‘zbekistonda yo‘l harakati qoidalarini muntazam ravishda buzganlar jarimalarni chegirma bilan to‘lash huquqidan mahrum etiladi. Bu haqda prezident yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha yig‘ilishda ma’lum qildi.
2024-yilda haydovchilar 24 mln yo‘l harakati qoidabuzarligini sodir etgan. Ularning 81 foizi qo‘pol qoidabuzarliklarga to‘g‘ri keladi. Ular Samarqand, Qashqadaryo, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahrida tizimli tus oldi.
Prezidentning ta’kidlashicha, ijtimoiy tarmoqlarda, hatto taniqli shaxslar orasida ham “jarimani to‘ladim-ku, demak, xohlaganimcha yuraveraman”, degan tendensiya tarqalgan.
“Endilikda yo‘llarda haydovchilik madaniyatini oshirish, ashaddiy huquqbuzarlarga qonun kuchini ko‘rsatish maqsadida yangi tizim qilamiz”, — dedi prezident.
Shu maqsadda “Surunkali qoidabuzarlar” dasturi ishga tushiriladi. Agar haydovchi bir oy ichida ikki marta svetoforning qizil chirog‘iga yoki qarama-qarshi yo‘nalishdagi bo‘lakka o‘tib ketsa yoki tezlikni 5 marta oshirsa – bir yil davomida jarimalarni to‘lashda chegirma olish huquqidan mahrum bo‘ladi. Agar bir oy ichida qoidabuzarliklar soni 10 tadan oshsa, haydovchi 6 oygacha haydovchilik guvohnomasidan mahrum etilishi mumkin.
Prezident, shuningdek, tezlikni oshirganlik uchun jarimalar qayta ko‘rib chiqilishini ta’kidladi. Tezlikni yo‘l qo‘yiladigan me’yordan 2-3 baravar oshirganlik uchun haydovchilik guvohnomasidan mahrum qilishni nazarda tutuvchi qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritish taklif etilmoqda.