UzTest ilmiy-sinov va sifat nazorati markazining Buxoro filialida 400 mln so‘mlik uskuna o‘g‘irlangan. UzTest ushbu holatga izoh berdi.
150 mln so‘mlik “Tormoz stendi” sinov uskunasi hamda 250 mln so‘mlik gaz ballonlarini o‘lchash vositalari talon-toroj qilingani aniqlangan. Yo‘qolgan narsa O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining komplayens-nazorat bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvlar davomida topilgan.
Mazkur ish bo‘yicha barcha hujjatlar 2024-yil noyabr oyida Buxoro viloyati huquqni muhofaza qiluvchi organlariga taqdim etilgan va hozirda holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda. Surishtiruv yakunida markaz qo‘shimcha ma’lumot beradi.
Bundan tashqari, UzTest’da go‘yoki 6 mlrd so‘m mablag‘ maqsadsiz sarflangani haqida xabarlar tarqaldi.
Bu ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi va mutlaqo asossizdir. Agentlikning Komplayens-nazorat bo‘limi barcha tarkibiy bo‘linmalar, jumladan, markazning moliyaviy faoliyatini doimiy monitoring qilib boradi.
Markaz yolg‘on ma’lumot tarqatganlik uchun javobgarlik borligini eslatib, odamlarni chalg‘ituvchi yolg‘on ma’lumotlarni e’lon qilmaslikka chaqirdi.