II Xalqaro jinoiy sudning dastlabki tergov palatasi “Tolibon”ning oliy rahbari amir Haybatulloh Oxundzoda va “Tolibon” Oliy sudi raisi Abdul Hakim Haqqoniyni hibsga olishga order berdi.

XJS bayonotida aytilishicha, sudda harakat yetakchilari insoniyatga qarshi jinoyat, ya’ni qizlar, ayollar va Tolibonning gender, gender o‘ziga xosligi yoki o‘zini ifoda etish siyosatiga mos kelmaydigan boshqa shaxslarga nisbatan buyruq berish, gijgijlash yoki jinoyatga undash, shuningdek, “qizlar va ayollarning ittifoqchilari” sifatida qabul qilingan shaxslarga nisbatan siyosiy asosda ta’qib qilishda ishtirok etgan deb hisoblash uchun «oqilona asoslar» bor.

Rim statutining 7 (1) (h)-moddasida nazarda tutilgan ushbu jinoyatlar Afg‘oniston hududida toliblar mamlakatda hokimiyat tepasiga kelgan 2021-yil 15-avgustdan buyon sodir etilgan va kamida 2025-yil 20-yanvargacha davom etgan, deyiladi xabarda.

XJSning ta’kidlashicha, Tolibon Afg‘oniston fuqarolarining asosiy huquq va erkinliklarining jiddiy buzilishiga olib kelgan maqsadli davlat siyosatini olib borgan. Bundan tashqari, cheklovlarning bir qismi butun aholiga taalluqli edi, ammo ayollar va qizlar faqat jinsiga qarab ta’qib qilinardi, natijada ular muntazam ravishda asosiy huquqlaridan mahrum qilinardi.

Xususan, “Tolibon” farmon va qarorlari bilan ularning ta’lim olish, shaxsiy va oilaviy hayot daxlsizligi, erkin harakatlanish, fikr, vijdon va dinga bo‘lgan huquqlarini chekladi.

Gender kamsitishdan tashqari, “Tolibon” ommaviy qotilliklar, majburiy ko‘chirish, qiynoqlar, so‘z erkinligini bo‘g‘ish, suddan tashqari qatllar, shuningdek, etnik va diniy kamsitish kabi jinoyatlarda ayblanmoqda.