O‘zbekistonda 40-50 yildan oshgan avtomobillarni foydalanishdan chiqarish taklif qilindi. Bu haqda “Milliy tiklanish” partiyasi yetakchisi Alisher Qodirov ma’lum qildi.

Deputatning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda 24 mln qoidabuzarlik qayd etilgan bo‘lib, ularning 19 millioni tezlikni oshirish bilan bog‘liq.

“Tezlik uchun cheklov joy, vaqt va zaruratiga qarab belgilanishi kerak. Masalan, magistral yo‘l, masofa uzoq, aholi yashash punkti emas, nega 130 yurish mumkinmas?” — deb yozdi Qodirov.

Partiya yetakchisi yo‘l harakati qoidalarini qasddan buzganlik, avariya xavfini yuzaga keltirganlik uchun katta jarimalar joriy etishni taklif qildi: svetoforning qizil chirog‘ida harakatlanish, cheklov zonasida tezlikni ikki baravar oshirish, xizmat avtomobillariga alohida e’tibor berishni taqiqlash.

“40-50 yillik avtomashinalarni bosqichma-bosqich iste’moldan chiqarish — juda to‘g‘ri taklif. Xatto bu cheklovni 25-30 yilga tushirish ham no‘to‘g‘ri bo‘lmaydi, deb o‘ylayman. Faqat mashinani almashtirish uchun qulay takliflar bo‘lishi kerak”, — Alisher Qodirov.

Deputat ichki ishlar organlari xodimlarini o‘qitish bilan shug‘ullanish ham muhimligini ta’kidladi.

“Bu sohada ishini yaxshi biladigan, o‘qigan, har tomonlama jamiyatga namuna bo‘ladigan qorako‘zlar ishlashi kerak, vazirlikdagi mansabdorning jiyan yoki hamqishloqlari emas. Jamiyat formadagi xodimlar bilan faxrlanishi kerak”, — Alisher Qodirov.

So‘zining yakunida Alisher Qodirov qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha maslahatlashuvlarga tayyorligini ma’lum qildi.