Favqulodda vaziyatlar vazirligi va Veolia Energy Toshkent shahridagi Forobiy va Shifokorlar ko‘chalari kesishmasida quvurning yorilishi sabablari haqida ma’lumot berdi.

FVV xabariga ko‘ra, hodisa kommunal tarmoqdagi issiq suv ta’minoti tarmog‘ini rejali tekshirish paytida sodir bo‘lgan. Hozirda oqibatlar kommunal-texnik avariya-tiklash brigadasi kuch va vositalari bilan bartaraf etilmoqda, FVB, Sog‘liqni saqlash vazirligi boshqarmalari va kommunal xizmatlar xodimlari voqea joyida ishlamoqda.

Quvur yorilishi natijasida uch nafar fuqaro yengil tan jarohati olgan, ularga voqea joyida birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan, shifoxonaga yotqizishga zarurat bo‘lmagani uchun uyiga ruxsat berilgan.

Veolia Energy ham portlash sinov paytida sodir bo‘lganini tasdiqladi.

2025-2026-yilgi isitish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish doirasida, jadvalga muvofiq, 2025-yil 10-iyul kuni soat 10:40 da 16 ati (atmosfera) bosim ostida mexanik mustahkamlikka sinovlar o‘tkazilayotganda, 10-IM qozonxonasi hududidagi issiqlik trassasining M 0-16 va M 0-17 issiqlik kameralari oralig‘idagi qismida, Olmazor tumanidagi Forobiy va Shifokorlar ko‘chalari kesishmasida – 12,6 ati (atmosfera) bosim ostida diametri 800 mm bo‘lgan quvurdan suv chiqishi sodir bo‘ldi. Mazkur uchastka 1989 yilda foydalanishga topshirilgan,» – deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, yaqin atrofdagi do‘konlarda moddiy zarar qayd etilgan — umumiy maydoni 8 m2 bo‘lgan oynavand vitrinalar singan. Yetkazilgan zararni qoplashga va’da berishdi. Iste’molchilarni issiq suv ta’minotidan uzib qo‘ymasdan, avariya joyi zudlik bilan lokallashtirildi.