AQSH prezidenti Donald Tramp Qo‘shma Shtatlar G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish rejimini o‘rnatish va isroillik garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha kelishuvga yaqinlashganini ma’lum qildi. Bu haqda TASS xabar bermoqda.

“Sizlarga aytishim mumkinki, biz kelishuv tuzishga juda yaqinlashdik. Biz o‘t ochishni to‘xtatish, tinchlik o‘rnatish va garovga olinganlarni qaytarishni xohlaymiz, va men bu maqsadga yaqinlashganimizga ishonaman”, — dedi AQSH prezidenti.

Trampning fikricha, kelishuvga shu hafta yoki keyingi hafta erishish uchun “juda yaxshi imkoniyatlar” mavjud. Falastinning HAMAS harakati Dohadagi muzokaralar davomida 10 nafar garovga olinganlarni Isroilga topshirishga rozilik bildirdi.

Bir qator asosiy masalalar bo‘yicha muzokaralar davom etmoqda: xususan, G‘azoga gumanitar yordam yetkazib berish, u yerdan Isroil qo‘shinlarini olib chiqish va doimiy o‘t ochishni to‘xtatishga real kafolatlar berish masalalari muhokama qilinmoqda.