11-13-iyul kunlari O‘zbekiston hududi bo‘yicha havo biroz bulutli bo‘ladi, ba’zi joylarda o‘zgarib turadi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Faqat Farg‘ona viloyatining tog‘li hududlarida 11 iyul kuni kechga tomon ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Bu haqda O‘zgidromet xabar bermoqda.

11-iyulda yoz o‘rtasi uchun ancha qulay bo‘lgan havo harorati kunduz kunlari ham saqlanib turadi. Respublika hududining katta qismida termometr ustunchalari 32-35 darajadan, janubda 36-39 darajadan oshmaydi. Eng salqin hudud Farg‘ona vodiysi bo‘lib, harorat 28-31 daraja atrofida bo‘ladi.

Dam olish kunlari harorat asta-sekin ko‘tariladi va aksariyat viloyatlarda kunduz kunlari 35-38 daraja atrofida bo‘ladi. Kechasi 18-23 daraja iliq bo‘ladi. Respublika bo‘yicha ba’zi joylarda 11-13-iyul kunlari shamol chang-to‘zonlar bilan 13-18 m/s gacha kuchayishi mumkin.

Toshkent shahrida: bugun va dam olish kunlari havo biroz bulutli bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Kechasi 20-23 daraja iliq, kunduzi 11 iyulda 33-35 daraja issiq, 12-13 iyulda 35-38 daraja issiq bo‘ladi.