Futbol bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi sardori Eldor Shomurodov Turkiyaning “Istanbul Bashakshehir” klubi futbolchisiga aylandi. Bu haqda jamoa axborot xizmati xabar berdi.

29 yoshli futbolchi bilan shartnoma 2025/2026-yilgi mavsum yakuniga qadar ijara asosida tuzilgan. Kelishuvda sotib olish imkoniyati ko‘zda tutilgan. Shomurodov yangi klubiga o‘tishi munosabati bilan Italiyaning “Roma” klubini tark etdi.

2021-yilda futbolchini “Roma” sotib oldi, ammo u rimliklar safida mustahkam o‘rnashib ololmadi. Keyinchalik u mavsumlarni ijara asosida o‘tkazdi: 2022/23 — “Spetsiya”da (15 o‘yin, 1 gol), 2023/24 — “Kalyari”da (22 o‘yin, 1 gol). Shomurodov “Roma” safida 68 ta o‘yinda maydonga tushib, 9 ta gol urgan.

Shomurodov Instagram’dagi sahifasida klub va muxlislari bilan xayrlashdi.

“Roma” bilan xayrlashish vaqti keldi — bu klub menga ajoyib jamoa, murabbiylar va muxlislar bilan birga unutilmas xotiralar, gollar, kurash va o‘ziga xos lahzalarni taqdim etdi. “Roma” libosini kiyish men uchun sharaf edi. Bu yerda olgan har bir daqiqam, har bir golim va har bir sabog‘im uchun minnatdorman”, — dedi u.