O‘zbekiston prezidenti davlat mustaqilligining 34 yilligiga tayyorgarlik ko‘rish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi. Tadbirlar “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” g‘oyasi asosida o‘tkaziladi. Hujjat O‘zAda e’lon qilindi.
Qaror bilan bayram tadbirlari konsepsiyasi tasdiqlandi. Madaniyat vazirligi, Ma’naviyat markazi, Yozuvchilar uyushmasi va Yoshlar ishlari agentligi ijro uchun mas’ul etib belgilandi. Shu maqsadda bosh vazir Abdulla Aripov rahbarligida Respublika komissiyasi tuzildi.
Mustaqillik bayrami tantanalari barcha hududlarda, jumladan, qishloq va mahallalarda o‘tkaziladi. Dasturlardan konsertlar, ochiq muloqotlar, kino namoyishlari, adabiy kechalar va ommaviy sayillar o‘rin olgan. Unda san’atkorlar, sozandalar, maqomchilar, baxshilar, sportchilar, madaniyat namoyandalari faol ishtirok etadi.
Mustaqillikka bag‘ishlangan qo‘shiqlar va badiiy asarlar tanlovlari ham rejalashtirilgan, markaziy tadbir Toshkentda bo‘lib o‘tadi — ssenariy bir hafta ichida ishlab chiqiladi.
Qoraqalpog‘istonda, barcha viloyatlar markazlarida, Toshkent shahrida, shuningdek, barcha tumanlar, shaharlar, shaharchalar va qishloqlarda tantanalar bo‘lib o‘tadi. Bayram doirasida vatanparvarlik tarbiyasi, madaniy meros va mustaqil O‘zbekiston yutuqlariga bag‘ishlangan “Ona diyor — ranglar jilosida”, “Vatan uchun yashaylik!”, “Eng ulug‘, eng aziz” kabi an’anaviy respublika ko‘rik-tanlovlarini o‘tkazish rejalashtirilgan.
Quyidagilar asosiy mavzular bo‘ladi:
- so‘nggi 8 yildagi islohotlar yutuqlari;
- YIMning 110 mlrd dollargacha o‘sishi;
- ta’lim, sog‘liqni saqlash, sportdagi muvaffaqiyatlar;
- yoshlarni bunyodkor kuch sifatida targ‘ib qilish;
- hududlar va infratuzilmani rivojlantirish;
- jamiyatda tinchlik va totuvlikni mustahkamlash;
- O‘zbekistonning mintaqadagi va jahondagi rolining o‘sishi.
Hududlarda bayram tadbirlari ixtiyoriylik asosida mahalliy byudjetlar hamda jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari hisobidan, Toshkent shahrida esa teng ravishda respublika va shahar byudjetlari hisobidan moliyalashtiriladi. Qaror ijrosini nazorat qilish bosh vazir va prezident administratsiyasiga yuklatilgan.