Rossiyada “Chet el fuqarosining raqamli profili” davlat axborot resursi yaratiladi. Bu haqda Vladimir Putin imzolagan farmonda aytiladi.

Platforma 2026-yil 30-iyunga qadar yaratilishi kerak. Loyihani amalga oshirish uchun Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligi mas’ul bo‘lib, u tizimning buyurtmachisi va operatori sifatida faoliyat yuritadi.

Idoralar o‘rtasida ma’lumotlar almashinuvi Yagona idoralararo elektron hamkorlik tizimi yoki Migratsiya hisobi davlat tizimi orqali amalga oshiriladi. Xorijiy fuqarolar o‘zlari haqidagi ma’lumotlarni ixtiyoriy ravishda “Davlat xizmatlari” portali orqali taqdim etishlari mumkin bo‘ladi. Shu bilan birga, farmonda davlat sirlariga taalluqli ma’lumotlarni ushbu tizim doirasida qayta ishlashga yo‘l qo‘yilmasligi ta’kidlangan.

Resurs Rossiya hududida bo‘lib turgan, mamlakatga kirib kelayotgan yoki chiqib ketayotgan barcha chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni to‘playdi. Bu migratsiya holatini kuzatish uchun yagona ma’lumotlar bazasini yaratish imkonini beradi.

Raqamli profilida quyidagi ma’lumotlarni to‘plash rejalashtirilgan:

  • migratsiya hisobi ma’lumotlari (IIV);
  • kirish va bo‘lish uchun berilgan arizalar to‘g‘risidagi ma’lumotlar (Raqamlashtirish vazirligi);
  • davlat chegarasini kesib o‘tish to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
  • xorijiy diplomatik vakolatxonalar (TIV) vakillari to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
  • shuningdek, ma’muriy javobgarlikka tortish va kirish cheklovlari (IIV) to‘g‘risidagi ma’lumotlar.