Toshkentning Yakkasaroy tumanida Bratislava, Glinka va Shota Rustaveli ko‘chalari chorrahasida transport vositalari harakati vaqtincha cheklanadi. Bu haqda hokimlik matbuot xizmati xabar bermoqda.
Tuman hokimligi xabariga ko‘ra, 11-iyul soat 22:00 dan 14 iyul soat 06:00 ga qadar Yakkasaroy tumani Bratislava, Glinka va Shota Rustaveli ko‘chalari kesishmasida qurilish-montaj ishlari olib borilishi munosabati bilan quyidagi harakat cheklovlari amal qiladi:
- Bratislava yoki Glinka ko‘chalari bo‘ylab harakatlanayotgan transport vositalari uchun chorrahada to‘g‘riga va chapga harakatlanish taqiqlanadi — faqat o‘ngga burilishga ruxsat beriladi;
- Shota Rustaveli ko‘chasi bo‘ylab harakatlanayotgan transport vositalari uchun chorrahada faqat to‘g‘riga va o‘ngga harakatlanishga ruxsat beriladi.
Avtomobil haydovchilariga noqulayliklar uchun uzr so‘ralib, ish davrida aylanma yo‘nalishlardan foydalanish tavsiya etildi.