Taekvondo bo‘yicha ikki karra Olimpiya chempioni Ulug‘bek Rashitov antidoping qoidalarini buzgani uchun ikki yilga diskvalifikatsiya qilindi. Bu haqda Xalqaro doping-test agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

O‘zbekistonlik sportchi so‘nggi bir yil ichida uch marta joylashuvi haqida ma’lumot berish qoidalarini buzgan. Bu antidoping qonunchiligini buzish sifatida tasniflanadi.

Ulug‘bek Rashitov qoidabuzarlikka e’tiroz bildirmadi va ITA taklif qilgan sanksiyalarga rozi bo‘ldi. Chetlatish muddati joriy yilning 13-mayidan boshlanib, 2027-yil 12-maygacha davom etadi.

Shuningdek, qoidabuzarlik sodir etilgan paytdan (joriy yilning 3 fevralidan) boshlab diskvalifikatsiya davri boshlangunga qadar taekvondochi tomonidan ko‘rsatilgan barcha yakka tartibdagi musobaqa natijalari bekor qilinadi.

Qaror ustidan Sport arbitraj sudining apellyatsiya bo‘limiga shikoyat qilinishi mumkin.