Farg‘ona viloyatida Lacetti haydab ketayotgan ayol ikki yoshli bolani bosib ketdi. Bu haqda Kun.uz yozmoqda.
Fojia 10-may kuni Marg‘ilonda sodir bo‘lgan. Qo‘rqinchli hodisa aks etgan kadrlarda avtomobilning old g‘ildiragi bolaning ko‘krak qafasini, orqa g‘ildiragi esa tos qismini bosib o‘tganini ko‘rish mumkin. Ayol to‘xtamadi va harakatini davom ettirib, voqea joyini tark etdi.
Buvining aytishicha, jabrlanuvchining chanoq suyaklari uch joyidan singan. Bir oy davomida u to‘shakdan tura olmadi. Shifokorlarning taxminlariga ko‘ra, bola 6 oydan keyin tuzalib ketadi, biroq bolaning to‘liq sog‘lom bo‘lishiga hech kim kafolat bermaydi.
Viloyat IIB hodisa yuzasidan izoh berdi. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 1-qismi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) va 117-moddasi (Xavf ostida qoldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ayol uch yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin.