O‘zbekistonda 2030-yilgacha qishloq va ovullardagi barcha yo‘llarni asfaltlashga qaror qilindi. Bu haqda transport vaziri Ilhom Mahkamov ma’lum qildi.
Transport vazirligi rahbari Qonunchilik palatasi majlisida hisobot berdi. Uning aytishicha, besh yildan keyin qishloq va ovullarda birorta ham asfaltlanmagan yo‘l qolmaydi.
Hozir ichki yo‘llarning 70 foizi asfalt va shag‘al bilan qoplangan. Qolgan 30 foizini yaqin ikki yil ichida shag‘al bilan qoplash, 2030-yilgacha esa to‘liq asfaltlash rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, Ilhom Mahkamov Taxtakaracha dovonida pulli tunnel qurish loyihasi ishlab chiqilishini ham ma’lum qilgandi. Tadbirkorlar avgust oyida texnik-iqtisodiy asoslarini taqdim etishlari kerak.
Shundan so‘ng eng maqbul taklifga ega kompaniya tanlab olinadi. Uzunligi 7 km bo‘lgan tunnel Samarqand va Qashqadaryo viloyatlari o‘rtasidagi transport aloqasini yaxshilaydi.