O‘zbekistonda 2025-yilning olti oyida o‘tkir ichak infeksiyasi bilan kasallanishning 23 558 ta holati qayd etilgan. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi matbuot xizmati rahbari Maftuna Saidova ma’lum qildi.
Eng ko‘p holatlar Toshkent, Qashqadaryo, Sirdaryo viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida qayd etilgan. Yosh toifasidan eng ko‘p kasallanganlar yosh bolalar orasida:
- 1 yilgacha – 5000 dan ortiq holatda;
- 1-3-yil – 7678 ta holat;
- 4-6 yosh – 3184 ta holat;
- 7-14 yosh – 1998 ta holat;
- 15-19 yosh – 756 ta holat;
- 20 yosh va undan kattalar – 4938 ta holat.
Mutaxassislar kasallanishning ko‘payishiga bir necha sabablarni ko‘rsatmoqda. Haddan tashqari uzoq vaqt yoki noto‘g‘ri sharoitda saqlangan oziq-ovqatlarni iste’mol qilish, yuvilmagan ho‘l mevalarni iste’mol qilish, ochiq suv havzalarida cho‘milganda mikroblarning organizmga kirishi, bemorlar bilan aloqa qilish va boshqalar shular jumlasidandir.
Sifatsiz, antisanitariya sharoitida tayyorlangan ko‘cha ovqatlari, salqin ichimliklar, ayron va sharbatlarni iste’mol qilish kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkin.
Qo‘mitaning ta’kidlashicha, yilning issiq oylarida aholi, ayniqsa, bolalar orasida o‘tkir ichak infeksiyalari tez-tez uchraydi. Bu kasalliklarni har xil mikroorganizmlar qo‘zg‘atadi.
Bularga qorin tifi, paratiflar, salmonellyoz, dizenteriya, virusli gepatit A, vabo va boshqa yuqumli kasalliklar kiradi. Odatda, bu kasalliklarning qo‘zg‘atuvchilari bakteriyalar va viruslardir.
JSST ma’lumotlariga ko‘ra, har yili dunyoda 1 milliarddan ortiq diareya holatlari qayd etiladi, ulardan 5-10 millioni o‘lim bilan tugaydi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2025-yilning besh oyida 14 ta ovqatdan zaharlanish holati qayd etilgan. Uchta holat oziq-ovqat toksikoinfeksiyasi bilan bog‘liq – 13 kishi, jumladan, sakkiz nafar bola jabrlangan. Yana bir holat kimyoviy zaharlanish bilan bog‘liq.