O‘zbekistonda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tugatildi. Bu haqda prezident matbuot kotibi xabar bermoqda.

“Davlat boshqaruvi tizimida samaradorlik, proaktivlik va natijadorlikni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident farmoniga ko‘ra, barcha normativ-huquqiy hujjatlar va loyihalar olimlar, mahalliy va xorijiy ekspertlar tavsiyalarini inobatga olgan holda, Prezident Administratsiyasi huzuridagi tahliliy institutlarning ilmiy tadqiqotlari asosida ishlab chiqiladi.

Asosiy yo‘nalishlarni amalga oshirish loyiha ofislari orqali amalga oshiriladi. Administratsiya faoliyatiga komplayens tizimi joriy etiladi. Bu shaffoflikni ta’minlash, ijro intizomini mustahkamlash va korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan.

Ayrim yo‘nalishlar bo‘yicha Prezident vakillari lavozimlari ta’sis etildi. Shuningdek, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tugatilib, uning negizida Milliy kontentni ishlab chiqarish markazi tashkil etilmoqda.

Davlat organlarining jamoatchilik oldidagi hisobdorligi oshirilmoqda. Matbuot kotiblari instituti mustahkamlanib, xalq bilan muloqot, ommaviy axborot vositalari bilan ishlash bo‘yicha yangi tizim joriy etiladi.

Eslatib o‘tamiz, prezident farmoni bilan prezident administratsiyasidagi 284 ta shtat birligi qisqartirilib, yangi prezident maslahatchilari lavozimlari ta’sis etilmoqda.