O‘zbekistonda yangi ish haftasi davomida ob-havo o‘rtacha issiq bo‘lishi kutilmoqda. Bu haqda O‘zgidromet haftalik prognozida ma’lum qildi.
Ushbu ish haftasining birinchi yarmida O‘zbekiston hududi bo‘yicha havo harorati iqlimiy me’yorlarga yaqin bo‘lgan o‘rtacha issiq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Kunduzi harorat 36-39 daraja atrofida, respublikaning shimoli, janubi va cho‘l hududlarida 40-42 darajagacha bo‘ladi.
Haftaning ikkinchi yarmida issiq kuchayadi. Shanba kunigacha davom etadi. Kunduz kuni termometr ustuni 40-42 darajagacha, shimolda, janubda va cho‘l hududlarda 43-44 darajagacha ko‘tariladi.
O‘zbekiston hududining katta qismida ushbu kunlarda yog‘ingarchilik kutilmaydi. Faqat ayrim tog‘li hududlarda 14-16 iyul kunlari qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol chang-to‘zonlar bilan 13-18 m/s gacha kuchayishi mumkin.
Toshkent shahrida havo biroz bulutli bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Harorat 14-16 iyulda kechasi 22-24 daraja, kunduzi 37-39 daraja, 17-19 iyulda kechasi 25-27 daraja, kunduzi 40-42 daraja bo‘ladi.