Shavkat Mirziyoyev prezident administratsiyasining beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha mas’ullarni tayinladi. Bu haqda davlat rahbari matbuot kotibi xabar bermoqda.
Yangi farmonga ko‘ra, administratsiya faoliyatida beshta ustuvor yo‘nalish belgilandi: ta’lim, biznes muhiti, sud-huquq tizimi, sog‘liqni saqlash va suv resurslari. Ushbu sohalardagi islohotlarni samarali amalga oshirish maqsadida administratsiya tuzilmasida 5 ta rahbar o‘rinbosari lavozimi joriy etildi.
Tegishli farmon bilan:
- Xilola Uktamovna Umarova O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining ta’limni isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi va shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab ta’limi vaziri lavozimidan ozod etildi;
- Tamila Anvarovna Aliyeva O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining tibbiyotni isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi;
- Timur Nuryigitovich Butunbayev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining suv ta’minoti tizimini isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi va shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi;
- Nodira Jalalovna Xakimova O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining sud tizimini isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi;
- Sherzod Farxod o‘g‘li Ozodzoda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining tadbirkorlik loyihalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi va shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi iqtisodiyot va tadbirkorlik sohasida muhim tashabbuslarni ishlab chiqish boshqarmasi boshlig‘i lavozimidan ozod etildi;
- Dilnoza Muradovna Ziyamuxamedova O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari kotibiyati mudiri lavozimiga tayinlandi va shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yordamchisi kotibiyati mudiri lavozimidan ozod etildi.
Eslatib o‘tamiz, prezident farmoni bilan AOKA tugatilib, uning negizida Milliy kontentni ishlab chiqarish markazi tashkil etiladi.