Rossiya TIV xorijda, xususan, O‘zbekistonda rus tilini targ‘ib qilish bo‘yicha sotsiologik tadqiqot o‘tkazishga buyurtma berdi. Bu haqda “Vedomosti” xabar bermoqda.

34,8 million rubllik tenderni Butunrossiya jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi yutib oldi. Rus tilini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha chora-tadbirlar samaradorligi O‘zbekiston va uzoq xorij mamlakatlari — Venesuela, Hindiston, Xitoy, BAAda o‘rganiladi.

Tadqiqot usuli TIV tomonidan tanlanishi taklif etiladi, ammo u iloji boricha barcha mamlakatlar uchun bir xil bo‘lishi kerak: onlayn ijtimoiy so‘rov davomida har bir davlatda kamida 1500 respondent, telefon orqali suhbat va shaxsiy intervyu yo‘li bilan kamida 1000 respondent so‘rovdan o‘tkazilishi kerak.

Bundan tashqari, BJFM xorijda rus tilidan foydalanish ko‘rsatkichlarini ekspertizadan o‘tkazishi va ko‘rsatilgan mamlakatlarda uning jozibadorligini oshirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqishi kerak bo‘ladi. Ekspertizani tilshunoslik, xalqaro munosabatlar, madaniyatshunoslik va ommaviy axborot vositalari sohasidagi 10 nafar mutaxassis o‘tkazadi, deyiladi texnik topshiriqda.