Shavkat Mirziyoyev 14-iyul kuni “Davlat boshqaruvi tizimida samaradorlik, proaktivlik va natijadorlikni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. Bu haqda davlat rahbari matbuot kotibi xabar bermoqda.
Farmon bilan Prezident Administratsiyasining yangi tuzilmasi tasdiqlandi. Natijada Administratsiya va uning tizimidagi tashkilotlarda 284 ta shtat birligi qisqartirildi, bir-birini takrorlovchi lavozimlar maqbullashtirildi.
Farmonga ko‘ra, Prezident Administratsiyasi faoliyatida beshta ustuvor yo‘nalish belgilandi: ta’lim, biznes muhiti, sud-huquq tizimi, sog‘liqni saqlash va suv resurslari. Ushbu sohalardagi islohotlarni samarali amalga oshirish maqsadida Administratsiya tuzilmasida 5 nafar rahbar o‘rinbosari lavozimi joriy etildi.
Bundan tashqari, prezidentning strategik rivojlanish va tashqi siyosat masalalari bo‘yicha yangi maslahatchilari lavozimlari, Moliyaviy texnologiyalar, Raqamlashtirish va sun’iy intellekt, Kreativ iqtisodiyot va turizm, Jamoat xavfsizligi va qonun ustuvorligi, Tadbirlarni tashkil etish, yig‘ilishlar va hududlarga tashriflar uchun tahliliy kontent tayyorlash departamentlari hamda Kommunikatsiyalar departamenti tashkil etildi.