Germaniya terma jamoasining sobiq bosh murabbiyi Yoaxim Lyov O‘zbekiston milliy terma jamoasini boshqarishi mumkin. Bu haqda “Championat Asia” yozmoqda.

Portalning yozishicha, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi germaniyalik mutaxassis bilan muzokaralarni boshlab yuborgan. Agar Yoaxim Lyov taklifni qabul qilsa, amaldagi bosh murabbiy Timur Kapadze mutaxassisning murabbiylar shtabiga kiradi.

Yoaxim Lyov 2006-yildan 2021-yilgacha Germaniya terma jamoasini boshqargan. Uning qo‘l ostida jamoa 2014-yilda Braziliyada bo‘lib o‘tgan jahon chempionati va 2017-yilda Rossiyada bo‘lib o‘tgan Konfederatsiyalar kubogi g‘olibi bo‘ldi. 2021-yildan buyon mutaxassis hech bir jamoada ishlamagan.

O‘zbekiston terma jamoasi tarixda ilk bor 2026-yilda futbol bo‘yicha jahon chempionatiga yo‘l oldi. Germaniyalik mutaxassisning qo‘shilishi jamoaning mundialga tayyorgarligi doirasida yordam berishi mumkin.

Avvalroq “Championat Asia” O‘zbekiston milliy terma jamoasi amaldagi jahon chempioni Argentinaga qarshi o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazishi mumkinligi haqida yozgandi. Milliy terma jamoamiz bo‘lajak mundialga puxta tayyorgarlik ko‘rish niyatida.