Interpolning Milliy markaziy byurosi xodimlari AQSH vakolatli organlari va mamlakat elchixonasi bilan hamkorlikda xalqaro qidiruvga berilgan o‘zbekistonlikning qayerdaligini aniqladi. Bu haqda Interpol byurosi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Fuqaro Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismida (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan ko‘p miqdorda talon-toroj qilish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganligi uchun O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan qidiruvga berilgan.
O‘zbekiston Interpol MMB va Amerika tomoni o‘rtasidagi tezkor ma’lumot almashish, muzokaralar va qo‘shma harakatlar natijasida qidiruvdagi shaxsni deportatsiya qilish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
13-iyul kuni fuqaro Islom Karimov nomidagi xalqaro aeroportga olib kelingan va Interpol Milliy markaziy byurosi xodimlariga topshirilgan. Hozirda uni javobgarlikka tortish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2025-yil iyun oyi oxirida Yevropa Ittifoqida Interpoldan yashirinib yurgan fuqaro O‘zbekistonga deportatsiya qilingandi.