O‘zbekistonda avtomobillarni jarima maydonlaridan olib chiqishga ruxsat olish uchun elektron xizmat joriy etilishi mumkin. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasida so‘z boradi.
Hujjatga muvofiq, ushbu tartib raqamli formatga o‘tkaziladi. 2025-yil 31-iyulgacha xizmatdan quyidagilar orqali foydalanish taklif etilmoqda:
- YIDXP (Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali);
- davlat xizmatlari markazlari;
- Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining mobil ilovasi.
Jismoniy va yuridik shaxslar xizmatga an’anaviy tarzda — og‘zaki yoki yozma ravishda murojaat qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Qaror bilan elektron arizalarni berish va ko‘rib chiqish tartibini belgilovchi ma’muriy reglamentni tasdiqlash taklif etilmoqda.
Yangilikni amalga oshirish uchun 2025-yil 20-iyulga qadar Ichki ishlar vazirligi Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda zarur axborot tizimlarini integratsiya qiladi.
Avvalroq O‘zbekistonda qanday qoidabuzarliklar uchun ogohlantirish bilan qutulish mumkinligiga aniqlik kiritilgandi. Ijtimoiy xavflilik darajasi past bo‘lgan ayrim yo‘l harakati qoidabuzarliklari uchun yangi ma’muriy jazo chorasi — ogohlantirish joriy etilmoqda.