Jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan shahar sudida avtomobilda ayolga tegajog‘lik qilgan 34 yoshli erkakka oid ish ko‘rib chiqildi. Bu haqda UzNews sud qaroriga tayanib yozmoqda.

Ish materiallariga ko‘ra, jabrlanuvchi huquqbuzar boshqargan Damas avtomobiliga o‘tirgan. Yo‘l-yo‘lakay erkak yo‘lovchining soni va ko‘kragidan ushlab, unga tegajog‘lik qila boshladi. Ayol darhol mashinani to‘xtatishni talab qilgan, shundan so‘ng huquq-tartibot idoralariga murojaat qilgan.

Sud erkakni O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 41-1-moddasida (Shahvoniy shilqimlik) nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybdor deb topib, unga 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinladi.

Qarordan norozi bo‘lgan fuqaro apellyatsiya berdi. Sudda u qilgan ishidan chin dildan pushaymon ekanligini aytdi. Jabrlanuvchi, shuningdek, hozirda uni kechirganini, chunki erkakning o‘zi va onasi undan kechirim so‘raganini, unga nisbatan hech qanday da’vosi yo‘qligini va jazoni yengillashtirishni so‘rayotganini aytdi.

Ushbu faktlarni, shuningdek, erkakning qaramog‘ida uch nafar voyaga yetmagan farzandi borligini hisobga olib, sud shikoyatni qisman qanoatlantirdi. Ma’muriy qamoq muddati 5 sutkadan 3 sutkaga qisqartirildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qoraqalpog‘istonda yigit voyaga yetmagan qizga intim suratlar yuborgandi. Sud uni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-1-moddasi (Shahvoniy shilqimlik qilish) bilan aybdor deb topdi.