Ijtimoiy tarmoqlarda “O‘rikzor” savdo majmuasi yopilishi haqida ma’lumotlar tarqala boshladi. Toshkent shahar hokimligi ma’lumotga izoh berdi.

Shahar ma’muriyatining ta’kidlashicha, majmua hech qanday qurilish yoki rekonstruksiya ishlari tufayli yopilmayapti. Majmua hududidagi barcha obyektlar tasdiqlangan tartibda — haftasiga 7 kun, dam olish kunlarisiz ishlashda davom etadi.

Uni tugatish, buzish, rekonstruksiya qilish haqidagi taxminlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Toshkent shahri aholisi va mehmonlaridan tekshirilmagan va ishonchsiz ma’lumotlarga ishonmasliklarini so‘raldi.

Avvalroq 1-iyuldan Favqulodda vaziyatlar vazirligi va Tezkor-qidiruv departamenti yong‘in xavfsizligi qoidalarining ko‘plab qo‘pol buzilishlari sababli “O‘rikzor” faoliyati to‘xtatilganini e’lon qilgandi. Qaror Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi tomonidan chiqarilgan. Barcha kamchiliklar bartaraf etilgandan so‘ng bozor ochilishi kerak edi.