O‘zbekistonda hokim o‘rinbosari, statistika va Pensiya jamg‘armasi bo‘limlari rahbarlari pora bilan qo‘lga tushdi. Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar bermoqda.

Andijon viloyatining Xonobod shahri hokimi o‘rinbosari va muqaddam sudlangan spirtli ichimliklar savdosi bilan shug‘ullanuvchi korxona rahbari o‘zaro til biriktirgan. Ular matras, profnastil va bolalar tagliklari ishlab chiqarish korxonasini tashkil etish uchun hokimlikning zaxira jamg‘armasidan 4 gektar yer maydonini boshqa tadbirkorga berish uchun auksionga qo‘yishgan. Ular uchastkani tadbirkor nomiga rasmiylashtirish evaziga 20 ming dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Boshqa bir holatda esa Andijon tumani hokimining sobiq o‘rinbosari, Andijon shahar statistika bo‘limi boshlig‘i va yana ikki nafar shaxs o‘zaro til biriktirib, “Ipak yo‘li” EIZ hududida bolalar mahsulotlari ishlab chiqaruvchi zavod qurmoqchi bo‘lgan tadbirkordan 600 ming dollar talab qilgan.

Ular 150 ming dollar avans olayotganda qo‘lga olingan. Shuningdek, hozirda xususiy bandlik agentligini boshqarayotgan Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Andijon viloyati boshqarmasi boshlig‘ining sobiq birinchi o‘rinbosari ham ishga aloqadorligi aniqlangan. U avvalroq bu masalada yordam uchun 11 ming dollar olgan.

Toshkent viloyatida byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi Ohangaron tuman bo‘limi rahbari mahalliy fuqaroning yo‘qolgan mehnat daftarchasini tiklab berish va unga yoshga doir pensiya tayinlash evaziga 1500 dollar olgan vaqtida ushlandi. U muqaddam O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan sudlangan.

Barcha holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilarga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov pora olayotgan pedagoglarni keskin qoralab, idora korrupsiyaga qarshi murosasiz kurash tarafdori ekanini eslatgandi.