20-iyuldan boshlab O‘zbekistonda shaxsiy foydalanish uchun tovarlarni bojsiz olib kirish limitidan foydalanish bo‘yicha yangi talablar kuchga kiradi. Bojxona qo‘mitasi aholiga yangi qoidalarni eslatdi.
Chet elda bo‘lishning minimal muddatiga rioya qilgan fuqarolargina bojsiz me’yordan foydalanishlari mumkin bo‘ladi. Xususan, piyoda yoki avtomobilda qaytishda kamida ikki kun, samolyotda qaytishda esa kamida uch kun xorijda bo‘lish talab etiladi.
Bundan tashqari, agar shaxs bir oy ichida uch va undan ortiq marta chet elga chiqqan bo‘lsa, muddatlarga rioya qilingan taqdirda ham, bojsiz olib kirish qo‘llanilmaydi.
Ushbu shartlar buzilgan taqdirda olib kirilayotgan barcha tovarlar limitdan ortiq deb hisoblanadi va ularning to‘liq qiymatidan 30 foiz miqdorida yagona bojxona to‘lovi undiriladi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda bir qator davlatlar bilan ikki tomonlama boj stavkasi bekor qilinadi. Shuningdek, muhim ma’muriy islohot — bojxona to‘lovlarini byudjetga o‘tkazish muddatini tartib-taomillar yakunlangandan keyin besh ish kunidan uch ish kunigacha qisqartirish joriy etilmoqda.