Qonunchilik palatasi majlisida deputatlar huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimini tashkil etish to‘g‘risidagi qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi.

Ilgari kriminogenlik darajasi yuqori bo‘lgan mahallalarda vaziyatni barqarorlashtirish va jinoyatchilikning oldini olish maqsadida mahallalardagi tayanch punktlari funksiyalari takomillashtirilib, profilaktika katta va kichik inspektorlari lavozimlari joriy etilgan edi.

Lekin hozir IIO tizimida ishlarni ko‘rib chiqish va chora ko‘rish vakolati faqat mahallalarda ishlaydigan profilaktika inspektorlariga berilgan, tayanch punktlarining katta va kichik inspektorlari esa bunday vakolatga ega emas.

Shu munosabat bilan qonun loyihasida tayanch punktlaridagi yuqorida sanab o‘tilgan inspektorlarga ma’muriy ishlarni ko‘rib chiqish va chora ko‘rish huquqini berish taklif etilmoqda.

Hozir PPX inspektorlari ayrim huquqbuzarliklar bo‘yicha ma’muriy bayonnomalar tuzish huquqiga ega. Biroq, ushbu bayonnomalarni boshqa mansabdor shaxslar, shu jumladan profilaktika inspektorlari ko‘rib chiqadi va ular bo‘yicha choralar ko‘radi. Bu esa fuqarolarning ish bo‘yicha qaror qabul qilishda vaqt yo‘qotishiga olib kelmoqda.

Taklif etilayotgan tuzatishlarda PPX mansabdor shaxslari tomonidan tuzilgan ma’muriy bayonnomalarni ko‘rib chiqish vakolatini ularning bevosita rahbarlariga o‘tkazish nazarda tutilmoqda.

Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi mahallalarda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish va jamoat tartibini ta’minlash borasidagi ishlar samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.