Surxon davlat qo‘riqxonasida ikkita qizil kitobga kiritilgan burama shoxli echkini o‘ldirgan uch kishi qo‘lga olindi. Bu haqda Ekologiya vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Qo‘lga olinganlar “Hatak” bo‘linmasi hududida “Qizil kitob”ga kiritilgan hayvonlarni noqonuniy ravishda o‘ldirgan. “O‘simlik dunyosi obyektlarini olib kirish va olib chiqishda ruxsat berish tartib-taomillaridan o‘tish tartibi to‘g‘risida”gi nizomning 14-ilovasiga ko‘ra, tabiatga yetkazilgan zarar 1 milliard 500 million so‘mni tashkil etgan.

Huquqbuzarlik qo‘riqxona hududida sodir etilgani uchun yetkazilgan zarar miqdori 3 baravar ko‘paytirilib, 4 milliard 500 million so‘mni tashkil etgan. To‘plangan barcha materiallar huquqni muhofaza qilish organlariga topshirildi. Hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Navoiyda brakonerlar “Qizil kitob”ga kiritilgan ikkita jayronni o‘ldirgandi. Hozirda prokuraturaga yuborish uchun kerakli hujjatlar to‘planmoqda.