Ijtimoiy tarmoqlarda yangi qurilayotgan binolardan xonadon sotib olgan o‘nlab fuqarolar uysiz qolgani haqida xabarlar tarqaldi. Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi vaziyatga izoh berdi.
Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, hodisa Toshkentning Olmazor tumanidagi “Chiltog‘on” mahallasi Usta Olim ko‘chasida qurilayotgan bino bilan bog‘liq. Qurilish ishlari Strong Cities kompaniyasi tomonidan olib borilgan. Mazkur obyekt bo‘yicha qonunchilikda nazarda tutilgan zarur ruxsatnomalar va hujjatlar olinmagan.
Xususan, qurilishga ruxsat olinmagan, arxitektura-rejalashtirish topshirig‘i ishlab chiqilmagan, loyiha-smeta hujjatlari shahar qurilish bosh boshqarmasi bilan kelishilmagan.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasidagi nazorat bo‘yicha shahar inspeksiyasi o‘tkazgan tekshiruv natijalariga ko‘ra, obyektda faqatgina yerning kadastr hujjatlari mavjud bo‘lib, qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish uchun zarur hujjatlar yo‘qligi aniqlangan.
Shu munosabat bilan rasmiy ogohlantirish xati yuborildi va qurilish ishlari to‘xtatildi. Bundan tashqari, obyekt seysmik xavfsizlik talablariga javob bermasligi sababli, qurilish tashkiloti o‘z tashabbusi bilan obyektni demontaj qilishni boshlagan.
Quruvchi tashkilot vakillari loyiha-smeta va boshqa texnik hujjatlar qayta ko‘rib chiqilib, tegishli tartibda rasmiylashtirilishini, shundan so‘ng qurilish ishlari belgilangan tartibda davom ettirilishini ma’lum qilishdi.
Qurilish vazirligi fuqarolarni uy-joy sotib olishda obyekt uchun barcha huquqiy hujjatlar va ruxsatnomalar mavjudligini sinchkovlik bilan tekshirishga chaqirdi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda uy-joy oluvchilarning mablag‘larini himoya qilish uchun eskrou-hisoblar tizimi joriy etiladi. U qanday ishlashi va uy-joy narxlarining oshishiga sabab bo‘lishi mumkinligi haqida havola orqali berilgan materialda batafsil o‘qishingiz mumkin.