AQSHda ushlab turilgan noqonuniy muhojirlar deportatsiya masalasi ko‘rib chiqilayotgan vaqtda garov evaziga ozod qilish bo‘yicha sudga murojaat qila olmaydi. Bu haqda The Washington Post nashri yozmoqda.

Immigratsiya va bojxona nazorati xizmatining yangi reglamentida Adliya vazirligi va Ichki xavfsizlik vazirligining noqonuniy muhojirlar uchun garov masalalari bo‘yicha siyosatini o‘zgartirish haqida so‘z boradi.

Amaldagi qonunlarga ko‘ra, hibsga olingan noqonuniy shaxslar deportatsiya to‘g‘risida qaror qabul qilingunga qadar maxsus markazlarda saqlanishi kerak edi. Amalda bu qoidalar faqat AQSH hududiga kirganidan keyin qisqa vaqt o‘tgach qo‘lga olingan qoidabuzarlarga nisbatan qo‘llanilgan. Shuningdek, og‘ir jinoyat sodir etgan migrantlarga garov huquqi berilmagan.

Bundan buyon normalar AQSH hududida qancha vaqtdan beri yashayotganidan qat’i nazar, barcha noqonuniy muhojirlarga nisbatan qo‘llaniladi.

Alohida hollarda, noqonuniy shaxslar kelish majburiyati ostida ozodlikka chiqarilishi mumkin, ammo bu qarorni sud emas, balki Immigratsiya nazorati xizmati xodimi qabul qiladi. Qarorga e’tiroz bildirishni hisobga olgan holda chiqarib yuborish jarayoni bir necha yilgacha davom etishi mumkin.

Avvalroq AQShda alligatorlar bilan o‘ralgan migrantlarni saqlash markazi paydo bo‘lishi haqida xabar berilgandi. Demokratik partiya vakillari loyihani tanqid qilishdi. Ular bunday hududga noqonuniy muhojirlarni joylashtirishni g‘ayriinsoniy deb hisoblashadi.