O‘zbekistonda issiq kuchayishi kutilmoqda, ba’zi joylarda havo soyada 45 darajagacha isiydi. Shu munosabat bilan Favqulodda vaziyatlar vazirligi anomal haroratdan qanday qilib osonroq omon qolish bo‘yicha tavsiyalarni eslatdi.
Mutaxassislar issiq ayniqsa bolalar, qariyalar va bemorlarga og‘ir ta’sir qilishini eslatishdi, biroq quyosh urishidan saqlanish uchun hatto sog‘lom odamlar ham ba’zi qoidalarga rioya qilishlari kerakligini ta’kidlashdi.
Quyosh urishi ochiq havoda quyosh nurlari ostida, shuningdek, issiqlik ta’siridan 6-8 soat o‘tgach sodir bo‘lishi mumkin. Shu munosabat bilan, shahar aholisiga soat 10:00 dan 17:00 gacha to‘g‘ridan-to‘g‘ri quyosh nurlaridan iloji boricha qochish tavsiya etildi.
Fuqarolarga tabiiy matodan tikilgan kiyimlar, shuningdek, yengil bosh kiyim va quyoshdan himoyalovchi ko‘zoynaklar kiyish, suv ichish tartibiga qat’iy rioya qilish tavsiya etildi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi choy, turli sharbatlar, mineral suv ichishni va uydan chiqayotganda albatta o‘zingiz bilan olib ketishni tavsiya qildi. Bundan tashqari, ko‘chaga chiqishdan oldin quyoshdan himoyalovchi krem surtish, uyga qaytgandan so‘ng dush qabul qilish yoki terini nam sochiq bilan artish kerak. Shuningdek, mutaxassislar och qolganda yoki ovqatdan so‘ng darhol quyoshga chiqmaslikni maslahat berishdi.
Quyosh yoki issiqlik urishi belgilari orasida quyidagi alomatlar mavjud:
- holsizlik, toliqish, bosh og‘rig‘i va chanqash;
- bosh aylanishi, quloq shang‘illashi, butun tanada og‘riq, puls va nafas olish tezlashishi. Ba’zan ko‘ngil aynishi va qusish mumkin. Ter ajralishi kuchayadi, burundan qon ketishi mumkin.
- yurak-qon tomir faoliyati va nafas olish keskin buziladi, hushdan ketish mumkin.
- ba’zan tutqanoq, alahsirash, gallyutsinatsiyalar paydo bo‘lishi mumkin.
Quyosh urishining og‘ir holatlarida terlash to‘xtaydi, agar jabrlanuvchiga tibbiy yordam ko‘rsatilmasa, nafas olish va yurak to‘xtashi rivojlanishi mumkin. Belgilar aniqlanganda, mutaxassislar birinchi yordam ko‘rsatishning quyidagi bosqichlarini qayd etdi:
- jabrlanuvchini salqin joyga o‘tkazish, chalqancha yotqizish, boshini biroz ko‘tarish. Keyin uning kiyimlarini yechish, to‘liq tinchlik va toza havo kirishini ta’minlash;
- agar jabrlanuvchi hushida bo‘lsa, unga achchiq choy yoki sovuq suv ichirish, unga 0,5 litr suvga 0,5 choy qoshiq tuz qo‘shish kerak;
- boshni sovuq suv bilan namlash yoki ho‘l sochiq bilan yopish;
- og‘ir holatlarda jabrlanuvchini yupqa choyshab bilan o‘rash yoki ustidan sovuq suv quyish mumkin, bunda ehtiyot bo‘lish kerak, chunki tana harorati 30 darajadan pastga tushmasligi kerak. Iloji bo‘lsa, ko‘p qon tomirlari joylashgan qo‘ltiq ostiga, chov va tizza ostiga muz yoki sovuq suv solingan xaltacha qo‘yish kerak;
- quyosh yoki issiq urgan bemorni eng yaqin tibbiyot muassasasiga olib borish kerak. Og‘ir holatlarda darhol tez yordam chaqirish kerak.
To‘g‘ri ko‘rsatilgan birinchi yordam, agar hamma narsa to‘g‘ri va tez bajarilsa, inson hayotini saqlab qolishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Qoraqalpog‘istonning Xo‘jayli tumani hokimi issiq tufayli 16-18 iyul kunlari barcha bog‘chalar faoliyatini vaqtincha to‘xtatish to‘g‘risida qaror qabul qilgandi.