O‘zbekistonda Ilk rivojlanish markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda hukumatning tegishli qarorida keltirilgan.

Qarorda bunday markazlarni har bir tuman va shaharda tashkil etish ko‘zda tutilgan. Markazlarga asosiy vazifa berildi, xususan:

  • bolalarga maktabgacha ta’lim xizmatlaridan foydalanishda teng imkoniyatlar yaratish;
  • bolaning jamiyatga moslashuvi va ta’limni davom ettirishi;
  • bolaning yoshi, noyob imkoniyatlari, qobiliyatlari va ehtiyojlarini hisobga olgan holda uning har tomonlama rivojlanishini ta’minlash.

Kam yuklama bilan ishlayotgan umumiy o‘rta ta’lim muassasalari, davlat bog‘chalari, kasb-hunar ta’limi muassasalari va boshqa ijtimoiy soha muassasalarida ham tirlar tashkil etiladi. Muassasalarni tashkil etish ikki bosqichda amalga oshiriladi:

  • birinchi bosqichda (2025-yil) – 50 ta tuman (shahar) da;
  • ikkinchi bosqichda (2026-2028-yillar) – qolgan tuman (shahar) larda.

Markazlarga maktabgacha ta’lim bilan qamrab olinmagan hududlardan, birinchi navbatda, «Kam ta’minlangan oilalar reyestri»ga kiritilgan oilalar farzandlari qabul qilinadi.

Ta’lim uch yoshdan olti yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun «o‘yin guruhi» va ikki yoshdan yetti yoshgacha bo‘lgan alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun «maxsus maktabgacha ta’lim xizmati» modeli bo‘yicha amalga oshiriladi.

1 avgustdan boshlab ayrim toifadagi bolalar ta’minoti uchun ota-onalar to‘lovining bir qismini oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qo‘shimcha to‘lash (kompensatsiya qilish) tartibi joriy etiladi.

Eslatib o‘tamiz, nodavlat maktablar va bolalar bog‘chalari ijtimoiy soliqdan tashqari barcha turdagi soliqlar va yig‘imlardan ozod qilinadi. Imtiyoz 2030 yil 1 yanvargacha amal qiladi.