Qoraqalpog‘istonning Xo‘jayli tumanida jazirama issiq tufayli barcha davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyati to‘xtatildi. Bu haqda tuman hokimi topshiriq bergan.

16–18-iyul kunlari bog‘chalar faoliyati vaqtincha to‘xtatildi. Bu qaror anomal issiq sharoitida bolalarning sog‘lig‘i va xavfsizligini himoya qilish uchun qabul qilindi.

Hafta boshida “O‘zgidromet” direktori kutilayotgan anomal issiqlik haqida ogohlantiruvchi shoshilinch murojaat e’lon qildi. 17-iyulda shimolda, janubda va cho‘l hududlarda, 18–20-iyulda respublika hududining katta qismida havo harorati 40–43 darajagacha, janubda va cho‘l hududlarda ba’zi joylarda 44–45 darajagacha ko‘tariladi.

Shu bilan birga, Yevropada iyun oyida minglab odamlar issiq tufayli halok bo‘ldi. Bundan tashqari, yuqori harorat tufayli o‘lim holatlarining aksariyati rasman qayd etilmaydi.