Rossiya Davlat dumasi deputatlari muhojirlarga xorijga rasmiy maoshidan ko‘proq pul o‘tkazishni taqiqlashni taklif qildi. Bu haqda TASS yozmoqda.
“Yangi odamlar” partiyasi rahbari Aleksey Nechayev, fraksiya rahbari o‘rinbosari Sardana Avksenteva va deputat Vladimir Plyakin Rossiya Federatsiyasi Markaziy banki rahbari Elvira Nabiullinaga tegishli maktub yo‘lladi.
Ularning fikricha, amaldagi qonunchilikda migrantlar tomonidan o‘tkazilayotgan mablag‘lar hajmining ularning rasmiy daromadlariga muvofiqligini nazorat qilishning samarali mexanizmlari ko‘zda tutilmagan. Bu noqonuniy daromadlarni legallashtirish, soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash va kapitalni Rossiya Federatsiyasidan tashqariga olib chiqish uchun sharoit yaratadi, bu esa mamlakatning iqtisodiy va ijtimoiy xavfsizligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Moliyaviy operatsiyalarning shaffofligini oshirish, yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish, soliq tushumlarini ko‘paytirish va iqtisodiy xavfsizlikni ta’minlash maqsadida migrantlar tomonidan rasman tasdiqlangan ish haqidan ortiq miqdorda xalqaro pul o‘tkazmalarini amalga oshirishni taqiqlash zarur, deb hisoblaydi.
Rasmiy ish haqi darajasidan yuqori bo‘lgan summani xorijga o‘tkazishga urinishda qonuniy daromadlarni tasdiqlovchi deklaratsiyani taqdim etish talablarini belgilash, shuningdek, migrantlarning moliyaviy operatsiyalari ustidan nazoratni kuchaytirish va shubhali operatsiyalarni aniqlash va oldini olish uchun kredit tashkilotlari bilan hamkorlik qilish taklif etildi.
Avvalroq Rossiyada migrantlarning farzandlari maktabga bormasa, ularni mamlakatdan chiqarib yuborishmoqchi ekani xabar qilingandi. Deputatlarning ta’kidlashicha, 300 mingga yaqin migrantlar umumta’lim muassasalariga bormaydi.