O‘zbekistonda maktab bitiruvchilariga kasb-hunarga o‘qitish to‘g‘risida sertifikat berish tasdiqlandi. Bu haqda Norma portali xabar bermoqda.

Nizom Maktabgacha va maktab ta’limi vazirliklari tomonidan Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi bilan birgalikda ishlab chiqilgan. Bitiruvchilar o‘zlari tanlagan kasb bo‘yicha amaliy imtihon topshirib, elektron sertifikat olishlari mumkin bo‘ladi.

Maktab o‘quvchilari 10 va 11-sinflarda kasb-hunarga o‘qitiladi, imtihonlarda faqat shu bo‘yicha topshiriqlar bo‘ladi. Imtihonlar o‘tkazilishi 15 kun oldin e’lon qilinadi, savollar va amaliy mashg‘ulotlarni MMTV ishlab chiqadi.

Imtihon maktablarda, kollejlarda yoki ixtisoslashgan korxonalarda o‘tkaziladi, ikki soat davom etadi va 100 ballik shkala bo‘yicha baholanadi:

  • 86-100 — a’lo;
  • 72-85 — yaxshi;
  • 56-71 — qoniqarli;
  • 0-55 — qoniqarsiz (sertifikatsiz).

Kasb-hunar ta’limi olganlik to‘g‘risidagi sertifikatni berish to‘g‘risida qaror qabul qilishda imtihon uchun qo‘yilgan baho ham, o‘qish davridagi baho ham hisobga olinadi.