Qishloq xo‘jaligi vazirligi yaqinlashib kelayotgan jazirama tufayli hosilni saqlab qolish haqida qayg‘urdi.

Anomal harorat ekinlarning o‘sishi va rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Issiqning stress ta’sirini yumshatish uchun ilmiy yondashuvlarga asoslangan agrotexnik tadbirlarni qo‘llash zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Fermer va dehqonlarga dala ishlarini soat 10:00 gacha yakunlash, issiq kunlarda soat 10:00 dan 16:00 gacha ishlarni to‘xtatish, quyoshda qoldirilgan plastik idishlardagi suvdan foydalanmaslik tavsiya etiladi. Shuningdek, dalada tez buziladigan mahsulotlarni iste’mol qilmaslik tavsiya etiladi.

Mutaxassislar qishloq xo‘jaligi ekinlarini parvarishlash bo‘yicha bir necha yo‘nalishda tavsiyalar berdi.

Paxtachilikda:

  • biostimulyatorlar, suspenziyalar qo‘llash, ammiakli selitra bilan oziqlantirish, tomchilatib sug‘orish va qator oralarini organik o‘g‘itlar bilan mulchalash — g‘o‘zaning issiqlik va qurg‘oqchilikka chidamliligini oshiradi;
  • suyuq o‘g‘itlar (bor, molibden, rux, mis, temir, marganes, kobalt, azot, fosfor) bilan bargidan oziqlantirish va zararkunandalarga qarshi maxsus preparatlarni qo‘llash;
  • yondosh kanallar, ariqlar, tut daraxtlarini begona o‘tlardan tozalash va ularga ISO 2-3% eritmasi bilan ishlov berish;
  • zararli hasharotlarning ko‘chib yurishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun suv purkash mashinalari yordamida mikroiqlim yaratish;
  • 2-4 chinbarg davrida: azotli o‘g‘itlar 50 kg/ga; shonalash davrida: azotli o‘g‘itlar 75 kg/ga va kaliyli o‘g‘itlar 50 kg/ga;
  • kechasi sug‘orish namlikni saqlaydi va bug‘lanishni kamaytiradi. Intensiv maydonlarda har 3-4 soatda 100-120 kub m/ga miqdorida tomchilatib sug‘oriladi.

G‘allachilikda:

  • markaziy va shimoliy mintaqalarda – bug‘doyning o‘rtapishar va kechpishar navlari uchun «sharbat» usulida tungi sug‘orish;
  • tog‘li va tog‘oldi hududlarda — ertalab soat 10:00 gacha yoki kechqurun soat 17:00 dan keyin +30 darajadan yuqori bo‘lmagan haroratda biostimulyatorlar suspenziyasi bilan bargdan oziqlantirish;

Sholichilikda:

  • +38…+40 darajadan yuqori haroratda tuproq namligini 5-10 sm;
  • rotatsion sug‘orish va quduq, ariq suvlaridan foydalanish tavsiya etiladi.

Quyidagilarni qo‘llash muhim:

  • Silikat o‘g‘itlar (kaliy-silikat) — issiqqa chidamlilikni oshiradi.
  • Biostimulyatorlar (epin, sirkon, megafol) — o‘simliklarning stressini kamaytiradi.
  • Kompleks mikroo‘g‘itlar (bor, marganes, rux) — fotosintez va o‘sishni qo‘llab-quvvatlaydi.

Sabzavotchilikda:

  • +25…+35 gradusda fotosintez kuchayadi, ammo +40…+50 gradusda u butunlay to‘xtaydi.
  • pomidor, qalampir, baqlajon, bodring kabi ekinlar uchun — optimal harorat +20…+30 daraja;
  • poliz ekinlari (qovun, tarvuz, qovoq) va makkajo‘xori uchun — yuqori assimilyatsiya +30 darajagacha, ammo +40…+45 dan yuqori — noqulay.

Issiqdan himoyalanish choralari:

  • tungi sug‘orish — to‘liq namlanishni ta’minlaydi;
  • quyoshdan himoyalanish — sun’iy soya hosil qilish;
  • agrotexnika ishlarining o‘z vaqtida bajarilishi – issiqda chopiq va boshqa ishlarni o‘tkazmaslik;
  • kaliy, fosfor va azot bilan barg orqali oziqlantirish o‘simliklarning sog‘lom va tez o‘sishiga yordam beradi.

Bog‘dorchilik (meva-rezavor ekinlari):

  • uzoq davom etadigan issiqlik uzum va boshqa mevalarning o‘sishi va hosildorligini pasaytiradi;
  • namlikning bir tekis taqsimlanishini ta’minlaydigan tomchilatib sug‘orish samarali hisoblanadi;
  • yomg‘irlatib sug‘orish tekis sug‘orish va o‘g‘it solish uchun foydali;
  • sug‘orish ertalab yoki kechqurun o‘tkaziladi, har 3-5 kunda bir tup daraxtga 15-25 l suv sarflanadi.

Qo‘shimcha himoya choralari:

  • soyali qoplamalar (agrofiber, mesh) — ultrabinafsha nurlanishdan himoya qilish va haroratni pasaytirish;
  • fosfor va kaliy bilan mineral o‘g‘itlar — issiqqa chidamlilikni oshiradi;
  • barglardan bioo‘g‘itlar (epin, sirkon) bilan oziqlantirish — stressga chidamlilikni mustahkamlaydi.

Vazirlikning qo‘shimcha qilishicha, mevalarni yig‘ish uchun eng maqbul vaqt erta tongdir.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda issiq havo massalari kirib kelishi kutilmoqda, shu sababli harorat 45 darajagacha ko‘tariladi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi o‘zingizni olovda asrash bo‘yicha maslahatlar bergan.