O‘zbekistonda istiqbolli tashabbuslar rag‘batlantiriladi. Bu haqda prezidentning “Islohotlarni amalga oshirishda istiqbolli tashabbuslarni yanada qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida so‘z boradi.
Hujjatda aholining istiqbolli tashabbuslarini rag‘batlantirish chora-tadbirlarining quyidagi asosiy maqsadlari belgilangan:
- samarali va chinakam xalqchil islohotlarni amalga oshirishda keng jamoatchilik va jamiyatning turli qatlamlari vakillarining ishtirokini qo‘llab-quvvatlash;
- istiqbolli tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida aholining keng qatlamlari bilan ochiq muloqot platformasini yaratish;
- zamonaviy, ilg‘or g‘oyalar va istiqbolli tashabbuslarni tanlash va saralashning samarali mexanizmlarini joriy etish.
2025-yildan boshlab har yili “Kelajak uchun” istiqbolli tashabbuslar forumi o‘tkazib boriladi. Forumni o‘tkazishning ustuvor yo‘nalishlari har yili “Kelajak uchun” istiqbolli tashabbuslar forumiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita tomonidan belgilanadi.