Qashqadaryoda YPX xodimi daryoda cho‘kayotgan odamni qutqarib qoldi. Bu haqda YHXBB xabar bermoqda.
Voqea 16-iyul kuni sodir bo‘lgan. Qarshi tumanidagi “Qashqadaryo magistral bosh kanali” bo‘yida xizmat olib borayotgan YPX xodimi Nodir Mirzayev cho‘kayotgan odamni ko‘rib qoladi va darhol o‘zini suvga tashlaydi.
Ko‘rilgan choralar natijasida fuqaro qutqarilib, unga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan va shifoxonaga olib borilgan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, uning ahvoli barqaror. Voqea guvohi bo‘lgan fuqaro Ma’ruf Choriyev ham suvga sakrab, jabrlanuvchini chiqarib olishga yordam bergan.
Avvalroq Oqdaryoda cho‘milayotgan ikki nafar 61 yoshli ayol cho‘kib ketgandi. Ayollarning o‘limi yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.