Bosh prokuratura axborot xizmati Qashqadaryo viloyatidagi yoqilg‘i quyish shoxobchasida sodir bo‘lgan portlash va yong‘in oqibatida 4 kishi halok bo‘lgani yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.

Hodisa 16-iyul kuni Ko‘kdala tumani “Oltin dala” mahallasi hududida joylashgan gaz quyish shoxobchasida sodir bo‘lgan. Yong‘in oqibatida to‘rt kishi halok bo‘lgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi topshirig‘iga asosan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi bosh direktori boshchiligida tajribali mutaxassislardan iborat guruh voqea joyiga yuborilgan.

Ko‘kdala tumanidagi yoqilg‘i quyish shoxobchasida sodir bo‘lgan portlash va yong‘in to‘rt kishining hayotiga zomin bo‘lgani yuzasidan Jinoyat kodeksining 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) va 259-moddasi (yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda yong‘in ko‘lami va yetkazilgan zarar miqdorini aniqlash ishlari tegishli soha mutaxassislari ishtirokida olib borilmoqda.

Jinoyat ishi doirasida hodisa sababini aniqlash uchun sud-tibbiy, sud-kimyoviy, sud-biologik, sud-texnik va yong‘in-texnik ekspertizalari tayinlangan.