O‘zbekistonda hokimliklar huzurida hokim o‘rinbosari — oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i lavozimi joriy etiladi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining «Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida belgilandi.

Hujjat xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish tizimini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi. Hokim o‘rinbosarlari davlat organlari tomonidan zo‘ravonlik sodir etgan shaxsga nisbatan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar bajarilmagan taqdirda, xotin-qizlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash sohasidagi qonun hujjatlari buzilishi holatlari hamda bunday huquqbuzarliklarni keltirib chiqaruvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish yuzasidan ushbu tashkilotlarning mas’ul rahbarlariga majburiy taqdimnomalar kiritadi.

“Psixokorreksiya” tushunchasi — zo‘ravonlikka moyil shaxslarning shaxsiy kamchiliklarini bartaraf etish va xulq-atvorini jamiyat talablariga moslashtirishga qaratilgan psixologik va pedagogik ta’sir ko‘rsatish bo‘yicha chora-tadbirlar majmui kiritildi.

Himoya orderlarini berishda endilikda vakolatli organlar va tashkilotlar, shu jumladan, mahalliy hokimliklar, ta’lim va sog‘liqni saqlashni boshqarish organlari, psixologlar va jamoatchilik tuzilmalari tomonidan bir oygacha bo‘lgan muddatda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar — tuzatish dasturidan o‘tganligi ko‘rsatilishi shart.