Namangan viloyatida bojxona boshqarmasining “Uchqo‘rg‘on” bojxona posti nazorat-rasmiylashtirish guruhi inspektori korrupsiyaviy jinoyat sodir etganlikda gumonlanib qo‘lga olindi. Bu haqda DXX axborot xizmati xabar bermoqda.
Gumonlanuvchi xorijdan olib kelingan 57 dona iPhone 16 Pro Max mobil telefonlarining har biri uchun 100 dollardan talab qilgan. U Toshkent xalqaro aeroportining bojxona xodimi orqali IMEI-kodlarni ro‘yxatdan o‘tkazishda yordam berishni va’da qilgan.
Shuningdek, inspektor kiyim-kechaklarni deklaratsiyasiz olib kirgan fuqaroga chora ko‘rmagani uchun 400 dollar talab qilgan. 11 va 14-iyul kunlari gumonlanuvchi 900 dollar olgan. Pullar u va uning qarindoshiga tegishli bank kartalariga o‘tkazilgan. Inspektor 16-iyul kuni qarindoshining kartasiga yana 1000 dollar olgan vaqtida qo‘lga olingan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi (firibgarlik) va 211-moddasi 1-qismi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov olib borilmoqda.
Avvalroq Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov pora olayotgan pedagoglarni keskin qoralab, vazirlik korrupsiyaga qarshi murosasiz kurash tarafdori ekanini eslatgandi.