O‘zbekistonda ko‘chmas mulkka bo‘lgan talab ortib bormoqda, bu esa narxlarning o‘sishini rag‘batlantirmoqda. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi o‘z hisobotida qayd etgan.
2025-yil iyun oyida ikkilamchi bozorda uy-joylarning bozor qiymati 0,3 foizga oshdi. Sirdaryo viloyatida kvadrat metr narxi 400 dollarga yetdi – may oyiga nisbatan 3,2 foizga qimmat. Buxoro va Qoraqalpog‘istonda yuqori o‘sish sur’atlari qayd etildi — 560 va 346 dollargacha.
Shu bilan birga, so‘nggi bir oy ichida beshta hududda narxlar pasaygan. Jizzax viloyatida xonadonlar narxi 1,3%ga, Namanganda 1,2%ga arzonlashdi. Toshkentda uy-joy narxlari 0,1% ga arzonlashdi.
Yil davomida O‘zbekistonda xonadonlar narxi o‘rtacha 1,8 foizga oshdi. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ekspertlari yil boshida qisqa muddatli ko‘rsatkichlarning pasayishi fonida ikkilamchi bozorning barqarorligi saqlanib qolayotganini qayd etdi.
Jizzax viloyati iyun oyida narxlarning biroz pasayishini hisobga olgan holda yillik o‘sish sur’ati bo‘yicha yetakchi bo‘ldi — 11,7%. Uy-joy narxi Surxondaryoda 10,9 foizga, Qoraqalpog‘istonda 9,3 foizga, Xorazmda 7 foizga, Namangan viloyatida 7 foizga oshdi.
Toshkent shahrida ikkilamchi segmentdagi uy-joylar 4,8 foizga, yangi qurilgan uylar 1,6 foizga arzonlashdi. Shu bilan birga, Toshkent kvartira sotib olish uchun eng qimmat shahar bo‘lib qolmoqda — 1 kvadrat metr uchun 1075 dollar.
Poytaxtning ikkilamchi bozorida narxlarning eng katta pasayishi Mirzo Ulug‘bek (-7,6%), Yashnobod (-7,3%) va Chilonzor (-6,9%) tumanlarida kuzatildi. Birlamchi uy-joy Uchtepa (-9,7%), Yunusobod (-8,8%) va Shayxontohur (-7,7%) tumanlarida sezilarli darajada arzonlashdi.
Poytaxtdan tashqari Samarqand va Toshkent viloyatida ham ko‘chmas mulk narxlari yuqoriligicha qolmoqda. Birinchi holatda ular yil davomida 2 foizga o‘sgan bo‘lsa, ikkinchisida 0,1 foizga kamaygan.
Yarim yillikda uy-joy savdosi sur’ati 10,6 foizga o‘sib, 136,5 ming donaga yetdi, shundan iyun oyida 21 ming dona uy-joy sotildi. Talab Jizzax (+30%), Navoiy (+18,3%) va Surxondaryo (+17,7%) viloyatlarida eng ko‘p oshgan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda uy-joy oluvchilarning mablag‘larini himoya qilish uchun eskrou-hisoblar tizimi joriy etiladi. U qanday ishlashi va uy-joy narxlarining oshishiga sabab bo‘lishi mumkinligi haqida havola orqali berilgan materialda batafsil o‘qishingiz mumkin.