O‘zbekistonda tazyiq va zo‘ravonlikni sodir etgan yoki sodir etishga moyil qilgan shaxslarning tajovuzkor xulq-atvorini o‘zgartirish bo‘yicha tuzatish dasturlari har bir alohida holatda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari bilan tasdiqlanadi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi qarorida aytiladi.
Dasturlarga psixokorreksiya “shaxs rivojlanishidagi kamchiliklar va bo‘shliqlarni bartaraf etish maqsadida faol psixologik-pedagogik ta’sir ko‘rsatish” kiritilishi mumkin. Tuzatish dasturi bir oygacha davom etishi mumkin.
Dasturni amalga oshirish bilan mahalliy davlat hokimiyati organlari, mehnat, ta’lim va sog‘liqni saqlash organlari, xotin-qizlar ishlari bo‘yicha mahalla qo‘mitalari, yoshlar ishlari hamda oila va xotin-qizlar boshqarmalari faollari, byudjet tashkilotlari psixologlari reyestridagi yoki grantlar doirasida jalb etilgan psixologlar, shuningdek xotin-qizlar ishlari bo‘yicha boshlang‘ich tashkilotlar shug‘ullanishi kerak.
Ichki ishlar vazirligiga 1-oktyabrga qadar korreksion dasturlarni ishlab chiqishga jalb etiladigan psixologlar reyestrini shakllantirish topshirildi. Ularning nomzodlari har yarim yilda Maktabgacha va maktab ta’limi, Oliy ta’lim, Fan va innovatsiyalar hamda Sog‘liqni saqlash vazirliklari tomonidan Ichki ishlar vazirligiga taklif etiladi. Nodavlat tashkilotlar vakillari ham jalb etilishi mumkin.
Huquqni tuzatish dasturidan o‘tish uchun tajovuzkor bilan ishlash rejasini profilaktika inspektori himoya orderi rasmiylashtirilgan kundan boshlab ikki ish kuni ichida ishlab chiqadi. Keyin “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi bilan kelishib, tuman hokimining o‘rinbosari — oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i tomonidan tasdiqlanishini ta’minlashi kerak.
Inspektor dasturdan o‘tganlik to‘g‘risidagi ma’lumotlarni “E-ijtimoiy profilaktika” axborot tizimining “E-tuzatish dasturi” moduliga kiritadi.