“Adolatli Rossiya — haqiqat uchun” partiyasi rahbari Sergey Mironov yuqumli kasalliklar bilan bog‘liq vaziyat yomon bo‘lgan mamlakatlardan Rossiya Federatsiyasiga kelgan muhojirlar uchun karantin joriy etish taklifini e’lon qildi. TASS nashri parlament a’zosining so‘zlarini keltiradi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, yuqumli kasalliklarning ko‘payishi nafaqat emlashning qisqarishi, balki migrantlar oqimi bilan ham bog‘liq.
“Ularni mamlakatga kirib kelganidan keyin ushlashga urinish befoyda. Hozir eng samarali chora – meningit va boshqa kasalliklar bo‘yicha noqulay vaziyat yuzaga kelgan mamlakatlardan kelganlar uchun karantin joriy etish”, — dedi Mironov.
Mironovning fikricha, ishchi vizalari faqat emlanganlik to‘g‘risidagi ma’lumotnoma mavjud bo‘lganda va xavfli kasalliklar bo‘lmaganda berilishi kerak. 2025-yil boshidan beri Rossiyada 1,2 mingta meningit holati qayd etilgan — bu butun 2024-yilga nisbatan ikki baravar ko‘p.